KADRLAR BOSHQARMASI

KADRLAR BOSHQARMASI

Boshqarma boshlig‘i kadrlar, tarbiyaviy ishlar bo‘limlari, ma’rifat va ma’naviyat markazi hamda tibbiyot xizmati faoliyatini nazorat qiladi va tashkillashtiradi.

Kadrlar boshqarmasining tuzilishi:

  • Kadrlar bo‘limi;
  • Tarbiyaviy ishlar bo‘limi;
  • Ma’rifat va ma’naviyat markazi;
  • Tibbiyot xizmati.

Boshqarmaning maqsadi:

  • Ichki ishlar organlariga shaxsiy ishbilarmonlik va kasbiy fazilatlarga ega kadrlarni tanlash, ularni maqsadli joylashtirish hamda «Xalq manfaatlariga xizmat qilish» ruhida tarbiyalash;
  • xodim, kursant va tinglovchilar o‘rtasida ma’naviy-tarbiyaviy tadbirlarni olib borish, ularni ijtimoiy himoya qilish, rag‘batlantirish va mukofotlashga doir hujjatlarni ko‘rib chiqish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash choralarini ko‘rish;
  • xodim, kursant va tinglovchilarni kasbiy va maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish ishlarini tashkil etish.

Boshqarmaning vazifalari:

  • xodimlarning xizmat o‘tashlarini tashkillashtirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning zaxirasini shakllantirish hamda kadrlar tarkibi sifatini yaxshilash;
  • xodimlarning xizmat o‘tashlarini qayd qilish hamda maxsus unvonlar berish;
  • xodimlar va kursantlar o‘rtasida ma’naviy-tarbiyaviy tadbirlarni olib borish, ularni ijtimoiy himoya qilish, rag‘batlantirish va mukofotlashga doir hujjatlarni ko‘rib chiqish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash choralarini ko‘rish;
  • ichki ishlar organlari faoliyatini psixologik jihatdan ta’minlash;
  • xodimlarni kasbiy va maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish ishlarini tashkil etish;
  • xodimlarning jangovar, kasbiy va jismoniy tayyorgarligini oshirish.

Boshqarmaning funksiyalari:

  • Xizmatga munosib nomzodlarni tanlab olish maqsadida ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarma (bo‘lim)larda, aholi turar joylarida, tashkilot va muassasalarda hamda ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borish;
  • xodimlarni lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish, xizmat muddatini uzaytirish, xizmatdan bo‘shatish uchun kelib tushgan taqdimnomalarni belgilangan muddatlarda o‘rganib chiqish va ushbu masala yuzasidan institut rahbariyatiga taklif kiritish;
  • maxsus unvonlar berish uchun tavsiya etilgan xodimlarning tavsiyanomalarni ko‘rib chiqish va unvon berish to‘g‘risidagi buyruq loyihasini tayyorlash.
  • xodimlarda yuqori malakaviy, ma’naviy-psixologik sifatlarni shakllantirish, huquqiy bilimlarini oshirish borasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
  • xodimlar va ularning oila a’zolari uchun ommaviy-madaniy, ko‘ngilochar tomoshalar (festivallar, konsertlar, teatrlar) tashkil etish;
  • ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilinayotgan nomzodlarni psixologik va psixofiziologik o‘rganish;
  • xodimlar bilan jangovar, kasbiy va jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazilishini ta’minlash;

Boshqarmaning faoliyati

Xizmatga munosib nomzodlarni tanlab olish maqsadida ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarma (bo‘lim)larda, aholi turar joylarida, tashkilot va muassasalarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda;

xodim va kursant (tinglovchi)larda yuqori malakaviy, ma’naviy-psixologik sifatlarni shakllantirish, huquqiy bilimlarini oshirish borasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, xizmat intizomi va qonunchilik buzilishini oldini olish bo‘yicha faxriylarni va jamoat tashkilotlarini jalb etgan holda ma’naviy-tarbiyaviy profilaktik yig‘ilishlar va uchrashuvlar, konferensiyalar tashkil qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Ma’rifat va ma’naviyat markazi tomonidan institutning matbuot yo‘nalishidagi vazifalari amalga oshirilib, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda Institut faoliyatini televideniya, radio hamda gazeta va jurnallarda yoritish ishlari tashkillashtiriladi.

Institut rasmiy veb saytiga o‘tkaziladigan tadbirlar tafsilotlarini rasmlar ilova qilgan holda joylashtirish ishlarini ta’minlaydi.

Institut kursant (tinglovchi)larining xizmat intizomiga qo‘yilayotgan talablar va odob-axloq qoidalari, boshliqlar va xodimlarning o‘zaro munosabatlari, shuningdek rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarining qo‘llanilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarining intizom ustavi” talabalari asosida amalga oshiriladi.

Tibbiyot xizmati o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi hamda «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 26 sentabrdagi 764-son «O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida»gi Qarori talablari asosida belgilaydi.

Institut kursantlari (tinglovchilari)ga tibbiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek ta’lim muassasasida sanitariya-epidemiyalogiya holatini me’yorda ushlab turish va nazorat qilish Tibbiyot xizmatiga yuklatilgan. Tibbiyot xizmatining asosiy vazifasi sog‘ligi holati bo‘yicha o‘qishga va harbiy xizmatga yaroqli kursantlar (tinglovchilar) kontingentini jamlash, kasalliklarni oldini olish asosida kursantlar sog‘ligini yaxshilash, sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini o‘tkazish, ma’muriy binolarda, umumiy ovqatlanish joylarida, bo‘linmalarda sanitariya-epidemiologiya holatini yaxshilashdan, shuningdek zamonaviy malakali tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat.

Institutga o‘qishga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari

O‘qishga tanlash va qabul qilish tartib-qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 03 iyundagi 141-sonli Qarori hamda Ichki ishlar vazirligining idoraviy-huquqiy hujjatlari talablari asosida amalga oshiriladi.

Jumladan, institutdagi kunduzgi ta’limga o‘qishga, yoshi o‘n sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta bo‘lmagan, shu jumladan yigirma besh yoshdagi ham, o‘rta, o‘rta-maxsus yoki kasb-hunar ma’lumotga ega, bo‘yi 165 santimetrdan past bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan erkaklar qabul qilinadi.

Institutga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan fuqarolar har yili 15 noyabrdan qabul yilining 15 fevraliga qadar ariza bilan doimiy propiska joyi bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat etadilar.

Ariza orqali murojaat etgan nomzodlar bilan birinchi navbatda dastlabki tanlash tadbirlari, joylardagi IIBB va IIBlarda tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan 15 noyabrdan 1 aprelga qadar o‘tkaziladi.

Institutga (xizmatga) qabul qilish tartibi

Institutga (xizmatga) qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-sonli Qarori hamda Ichki ishlar vazirligining idoraviy-huquqiy hujjatlari talablari asosida amalga oshiriladi.

Jumladan xizmatga tanlov asosida, ixtiyoriy tartibda yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, shu jumladan o‘ttiz yoshdagi ham, tegishli ma’lumotga ega, shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan bo‘yi165 santimetrdan past bo‘lmagan erkaklar va 160 santimetrdan past bo‘lmagan ayollar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Erkaklar ichki ishlar organlaridagi xizmatga kirguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tashi yoxud oliy o‘quv yurtlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiruvchilar uchun ushbu talab o‘rnatilmaydi.

Zarur bo‘lgan hollarda, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan ro‘yxati bo‘yicha ichki ishlar organlarining ayrim bo‘linmalari va tashkilotlariga xizmatda bo‘lishning eng yuqori yoshiga to‘lgan paytida ko‘p yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega bo‘ladigan o‘ttiz yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar qabul qilinishi mumkin.

Xizmatga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan shaxs doimiy propiska joyi bo‘yicha ichki ishlar organlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 7-bandida belgilangan hujjatlarni taqdim etadi.

Xizmatga qabul qilish nomzodning doimiy propiska joyi bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan dastlabki va yakuniy tanlovlar asosida amalga oshiriladi. Tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun ichki ishlar organlarida qabul komissiyalari tuziladi.

Tanlovlar nomzodning xoxishiga ko‘ra davlat, qoraqalpoq yoki rus tillarida o‘tkaziladi.

Dastlabki tanlov tadbirlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • dastlabki suhbat;
  • psixologik test;
  • umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash.

Dastlabki tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlarini rasmiylashtirish ichki ishlar organlarining kadrlar bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Nomzodning tegishli hujjatlarini to‘liq rasmiylashtirilganidan so‘ng, unga xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiyasiga yo‘llanma beriladi.

Shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildi to‘liq rasmiylashtirilib, harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirdagina, nomzod yakuniy tanlovga qo‘yiladi.

Yakuniy tanlov nomzod bilan yakka tartibdagi suhbat shaklida o‘tkazilib, suhbat davomida uning aqliy salohiyati, xizmat o‘tashga ruhan tayyorligi, kirishimliligi, shuningdek xodim uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’naviy-axloqiy va kasbiy jihatdan muhim xislatlar baholanadi.

Yakuniy suhbat natijalariga ko‘ra nomzodning xizmatga kasbiy jihatdan yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.

Tanlovda ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi. Yakuniy tanlovda, qoida tariqasida, bir lavozimga kamida ikkita nomzod ishtirok etishi lozim.

Xizmatga, mavjud bo‘sh lavozimlarni hisobga olgan holda yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra yakka tartibdagi suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar qabul qilinadi.

Institutdagi o‘qituvchi lavozimlarini egallash uchun tanlovda tegishli mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumotga (magistr, diplomli mutaxassis) ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qatnashishi mumkin.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-sonli Qaroriga asosan hozirda yuqorida keltirilgan me’yoriy hujjatlar qayta ishlab chiqilayotganligi sababli, xizmatga, o‘qishga qabul qilish tartibi va qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.