BAYRAMINGIZ MUBORAK AZIZ USTOZLAR!

BAYRAMINGIZ MUBORAK AZIZ USTOZLAR!

        Dunyoda shunday bir ulug‘ kasb borki, boshqa barcha kasblar uning negizida shakllanadi va taraqqiy etadi. Ustoz va murabbiy! Biz barchamiz kasbu korimizdan qat’iy nazar, bu so‘zlarni eshitganimizda ko‘nglimizdan iliq fikrlaru yorqin xotiralar o‘tadi. Shu tobda ko‘z o‘ngimizda qo‘limizga qalam tutqazib, endigina ilm olamiga yetaklagan birinchi ustozlarimiz gavdalanadi.
      Shu bilan birga, qalbimizda unutilmas iz qoldirgan qadrdon maktabimiz va uning bag‘rida kechgan beg‘ubor yoshlik yillarimizni, bizga bilim bergan, mehribon o‘qituvchi va murabbiylarimizni katta hurmat va ehtirom bilan eslaymiz.
      Ana shunday e’tiroflarga mujassamlashgan tadbirlardan biri FVV Akademiyasida ham joriy yilning 30-sentyabr kuni “1 oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan tashkillashtirilgan bayram tadbiri bo‘ldi. Tadbirda Akademiya faxriylari, professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari va xizmatchilari ishtirok etdi.
    Tadbirni Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, oliy ta’lim muassasalari – bugungi kunda ijtimoiy hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanganligi hamda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga davlat dasturi darajasida qaralayotganligi, dars jarayonlarida yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish bilan birga, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodini yaratilayotganligini, yoshlarimizga keng imkoniyatlar eshigini ochib berilayotganligini bu borada Akademiyada ham erishilayotgan yutuqlar va islohotlar xususida so‘zlab, davlatimiz rahbarining tashabbuslarini beqiyos ekanligini alohida e’tirof etdi.
    Shundan so‘ng Favqulodda vaziyatlar vaziri, Oliy ta’lim vaziri hamda Akademiya boshlig‘ining buyruqlari bilan rag‘batlantirilgan bir guruh professor-o‘qituvchilarga tantanali faxriy yorliqlar va tashakkurnomalar topshirildi. Tadbirning badiiy qismida bayram ishtirokchilariga noz-ne’matlarga boy bo‘lgan kamtarona dasturxon tortildi va Akademiya Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i podpolkovnik Savriddin Najmiyev rahbarligidagi orkestr guruhi sozanda va xonadalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ustozlarga bayramona kayfiyat ulashdi.


Akademiya Matbuot xizmati