DAVLAT BAYROG‘I — MILLAT G‘URURI!

DAVLAT BAYROG‘I — MILLAT G‘URURI!

    Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. 18 noyabr – “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan kun. Davlat bayrog‘i O‘zbekiston davlat suverenitetining ramzidir.
    Shu munosabat bilan bugun Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimiyati oldida tuman hokimligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimiyati ma’ullari, O‘zbekiston Milliy Gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining harbiy xizmatchilari, kursantlar, tuman mahalla faollari va Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
      Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor ekanligi, shu ma’noda, milliy bayrog‘imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanishini shuningdek, bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgani, ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asraganlari, u kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lganini alohida ta’kidladilar.
    Tadbir davomida jangovar bayroq ostida saflangan bir qator harbiy xizmatchilarning qaddini rostlab turgani bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishlagan bo‘lsa, Akademiyaning “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi boshlig‘i podpolkovnik Savriddin Najmiyev rahbarligidagi orkestr ijrosidagi jonajon Vatanimiz va bayrog‘imizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, ularni tinglab havas bilan boqib turgan yoshlar qalbida esa iliq taassurotlar qoldirdi.
  — Mustaqil davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir deydi —podpolkovnik Baxshillo Jahonqulov — Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz joizdir. Bayrog‘imizning balandligi yurtimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘tarmog‘imiz lozim.


FARHODJON XOJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
FVV Akademiyasi katta
o‘qituvchisi, kapitan.