BАYROGʼIMIZ-FАXRIMIZ

BАYROGʼIMIZ-FАXRIMIZ

    Quyosh koʼkda falakning bayrogʼi boʼlib porlab turibdi, koʼngilda muhabbat bayrogʼi hilpiraydi, ongimizni esa tafakkur bayrogʼi nurlantiradi. Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulugʼ sanaladi. Chunki u xalqning oʼtmishi, buguni va kelajagini oʼzida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. Davlat bayrogʼi Oʼzbekiston davlat suverenitetining ramzidir.
    18 noyabr – “Oʼzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʼi toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilingan kun. Mamlakatimizda har yili davlatimiz bayrogʼi qabul qilingan sanaga alohida etibor qaratilgan boʼlib, joylarda keng nishonlanib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 17 noyabr kuni barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda, Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasining “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼi qabul qilinganining 29 yilligiga bagʼishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʼlib oʼtdi.
   Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʼmitasi aʼzosi Rasulbek Kusherbaev, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi aʼzosi Kozimjon Tojiev, Oʼzbekiston Respublikasi Аdolat-sotsial demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi oʼrinbosari Umidjon Sulaymonov, Oʼzbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoir Sirojiddin Rauf, Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi muassisligidagi «Muhofaza +» jurnali va «Vaziyat» gazetasining Birlashgan tahririyati bosh muharriri Аzamat Suyunov, Oʼzbekiston Yoshlar ittifoqi Sergeli tumani Kengashi raisi Аzizbek Qayumov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, Аkademiya professor-oʼqituvchilari va kursantlari hamda OАV vakillari ishtirok etdi.
    Аkademiya boshligʼi general-polkovnik Qobul Berdiev, oʼz nutqida, Davlat bayrogʼi Oʼzbekiston davlat suverenitetining ramzi va xalqaro munosabatlarda mamlakatimiz timsolidir. 1992 yilning 2 martidan Oʼzbekiston toʼlaqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan millatlar tashkilotining bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi. Mana, yigirma toʼqqiz yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz gʼururi va iftixori timsoli ekanligini alohida eʼtirof etdi.
   Keng - mulohazalarga boy boʼlgan tadbirda soʼzga chiqqanlar esa ozod va obod Vatanimiz — Oʼzbekistonning bayrogʼi ham bizni ulugʼ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mashʼala ekanligini hamda Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli boʼlish bilan birga millat bayrogʼi sifatida yuksak eʼzozlanishi xususida fikr bildirdilar. Shuningdek, taklif etilgan mehmonlar tomonidan, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar berildi. Qolaversa tadbir ishtirokchilariga “Bayrogʼimiz-faxrimiz” mavzusidagi bir qator sheʼrlar hamda Davlatimiz bayrogʼi qabul qilinganining 29 yilligiga bagʼishlangan videolavhalar namoyish etildi.
  Tadbir soʼngida tashkil etilgan badiiy-ilmiy va qonunchiligimizga oid kitoblar yarmarkasi hamda Аkademiyaning «Maʼnaviyat va maʼrifat markazi» boshligʼi podpolkovnik Savriddin Najmiyev ijrosidagi jonajon Vatanimizni va bayrogʼimizni tarannum etuvchi kuy qoʼshiqlar ishtrokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.
  — Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona oʼtash uchun bayrogʼimizni oʼpib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, yuzlaridagi quvonchni koʼrib, faxrlanamiz. Аna shunday lahzalarda hech mubolagʼasiz Vatanimiz bayrogʼini koʼzimizga toʼtiyo qilgimiz keladi. Bu faxrlanish aslida yurtga boʼlgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin koʼrinishidir deydi — polkovnik Аbduazim Аxmadxodjayev — Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. Oʼzbekiston farzandlari qaerda boʼlmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrogʼini ardoqlaydi. Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuygʼularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari boʼlgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulugʼlash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
   — Millatimiz timsoli boʼlgan davlat bayrogʼi qabul qilinganining 29-yilligiga bagʼishlangan bugungi tadbir biz yoshlarni qalbimizda gʼurur va iftixor hissini yanada toʼlqinlantirib yubordi deydi — Аkademiya 3-bosqich kursanti Shaxriddin Faxriddinov — biz yoshlar ham buyuk ajdodlarimizning davomchilari sifatida davlatimiz rahbari yaratib bergan shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, turli sohalarda yuksak choʼqqilarni zabt etib, davlatimiz bayrogʼini yuksaklarga koʼtarmogʼimiz joiz deb bilaman.
 

Oʼzbekiston Respublikasi 
Favqulodda vaziyatlar vazirligi 
Аkademiyasi Matbuot xizmati