“SUDYA VА YOSHLАR”

“SUDYA VА YOSHLАR”

    Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakat yoshlari bilan uchrashganida ularni madaniyat va sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, aholi va yoshlar oʼrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʼrtasida kitobxonlikni targʼib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlashdek 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.
     Shundan kelib chiqib har bir vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari hamda hokimlarga yoshlar bilan ishlash boʼyicha alohida vazifalarni bergan edi. Ushbu vazifaning ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 29 yanvar kuni Sergeli tumanidagi 21-sonli bolalar musiqa va san'at maktabida Toshkent shahar Sergeli tumani hokimligi, tuman xalq taʼlimi boʼlimi, Sergeli tumani jinoyat ishlari boʼyicha sudi hamda Oʼzbekiston Yoshlar Ittifoqi Sergeli tumani Kengashi hamkorligida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
      Ushbu tadbirda Sergeli tumani Mudofaa ishlari boʼlimi ofitser-xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasi professor-oʼqituvchilari va kursantlari, tuman “Nuroniy” jamgʼarmasi faollari, tuman kasb-hunar kollejlari, umumtaʼlim maktablarining 200 nafardan ortiqroq oʼquvchi-yoshlari hamda OАV vakillari ishtirok etdi.
     Uchrashuvda Jinoyat ishlari boʼyicha Toshkent shahar sudi raisi Baxtiyor Islamovning Sergeli tumani yoshlari bilan yoshlarning hayotda oʼz oʼrnini topish uchun sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularni kasbga yoʼnaltirish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka qiziqtirish, tashabbuslarni ragʼbatlantirish, uy-joy taʼminoti, boʼsh vaqtini mazmunli oʼtkazish, taʼlim va kasb oʼrganishiga boʼlgan talabini oʼrganib borish, yoshlarning murojaatlarini tahlilini yuritish, yoshlar oʼrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish boʼyicha ochiq muloqot oʼtkazildi.
     Shuningdek, ochiq muloqot shaklida boʼlib oʼtgan mazkur uchrashuvda oʼquvchi-yoshlar oʼzlarini qiziqishlari hamda mavjud muammolari yuzasidan fikr – mulohalar bildirishdi. Iqtidorli yoshlar yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun ekanligini bildirib, mana shunday imkoniyatlarga monand tarzda aʼlo baholarga oʼqishlari kerakligini taʼkidlab oʼtishdi.
     Tadbir soʼngida tumandagi taʼlim muassasalarining zamonaviy bilimlarni egallab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʼshib kelayotgan iqtidorli yoshlari hamda oʼzlarining isteʼdodlarini namoyon qilib, faxrli va sovrinli yutuqlarga erishib kelayotgan bir guruh yoshlar tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlandilar.


Oʼzbekiston Respublikasi 
Favqulodda vaziyatlar vazirligi 
Аkademiyasi Matbuot xizmati.