АRMIYA VА XАLQ – BIR TАNU BIR JON!

АRMIYA VА XАLQ – BIR TАNU BIR JON!

    Joriy yilning 12 yanvar kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʼmondoni raisligida Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatining 2020 yil yakunlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʼishlangan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʼilishida, harbiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda harbiy ilmni rivojlantirish borasida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʼmondoni tomonidan harbiy mojarolar va zamonaviy jang amaliyotlarini hamda milliy harbiy sanʼat tarixini chuqur oʼrganib, qoʼshinlarning tayyorgarlik usul va uslublarini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.
   Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan «Oʼz farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega boʼlmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi», deya taʼkidlanganini alohida eʼtirof etish joiz. Zero, Vatan – har bir qarich yeri aziz, qadrdon va jonajon maskan! Kindik qonimiz tomgan, bolaligimizning begʼubor onlari, hayotimizning har bir daqiqalari oʼtayotgan, bizni bagʼrida tetapoya qilgan, ardoqlagan, ulgʼaytirgan zamin – bu ona Vatandir! Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 dekabrdagi «Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʼrish va oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi farmoyishi ijrosini taʼminlash, shuningdek, «Vatanparvarlik oyligi» doirasida joriy yilning 13 yanvarь kuni Oʼzbekiston Respublikasi FVV Аkademiyasida «Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʼishlangan «Kim Vatanga sodiq boʼlsa, mendirman oʼsha!» shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʼtkazildi.
   Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasi Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Mirzaitov Mirzoxid Miragzamovich, Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Аkademiyasi oʼqituvchisi mayor Rajabov Tolib Eshtoʼxta oʼgʼli, Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiyalar kuchlari faxriysi, isteʼfodagi katta serjant Diykanov Botirali Mirzabekovich, Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiyalar kuchlari harbiy xizmatchisi, katta serjant Nuratov Bobomurod Tursunbaevich, Аkademiya professor-oʼqituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlari ishtirok etdi.
  Tadbirni Аkademiya boshligʼining oʼrinbosari polkovnik Dilshod Toxtamuradov ochib, mamlakatimiz hayotidagi qutlugʼ sana – 14 yanvarь «Vatan himoyachilari kuni» hamda «Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 29 yilligi» bilan tabriklab, bugungi kunda yurtimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish doirasida har tomonlama rivojlangan, bilimdon, xalqiga, shuningdek, Vatanga xizmat qilish ishiga sodiq yoshlarni tarbiyalash boʼyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani, shubhasiz, ana shunday tinch va osoyishta hayotni hamda taraqqiyotimizni asrash, uni har qanday qora kuchlarning tahdididan muhofaza qilishda milliy armiyamizning oʼrni beqiyos ekanligini, bu borada muhtaram Prezidentimizning «Аrmiya va xalq – bir tanu bir jon!» degan daʼvatlari har bir ota-ona, har bir fuqaroning qalbiga, yuragiga chuqur kirib borishi, amaliy harakatga aylanishi zarur ekanligini, bu esa mamlakatimizda tinchlik, millatlararo totuvlik, oʼzaro hurmat va mehr-oqibat muhitini koʼz qorachigʼidek asrash, yosh avlod oʼrtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish har birimiz uchun ustuvor vazifa hisoblanishini alohida taʼkidladi.
     Shundan soʼng, tadbirni badiiy qismida taklif etilgan mehmonlar tomonidan jonajon Vatanimizni madh etuvchi kuy-qoʼshiqlar ijro etildi. Tadbir yakunida Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrugʼiga asosan, Аkademiyaning bir qator harbiy ofitserlariga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali topshirildi hamda taklif etilgan faxriy harbiy xizmatchilar va Аkademiyaning harbiy xizmatchilari tomonidan yuqorida qayd etilgan vazifalar borasidagi aniq belgilangan chora-tadbirlar rejalarini kelgusida sifatli va oʼz vaqtida bajarish kelishib olindi.
  — Bu yilgi «Vatanparvarlik oyligi» doirasidagi tadbirlarda buyuk bobomiz Jaloliddin Manguberdining Vatan himoyasidagi jasorati, jangu jadallardagi harbiy mahorati bosh gʼoya sifatida belgilangan, — deydi Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Аkademiyasi oʼqituvchisi mayor Tolib Rajabov.
   — Jaloliddin Manguberdi harbiy sanʼat bobida oʼz davrida dovrugʼi yetti iqlimga ketgan bahodir boʼlgan. Bu yilgi targʼibot tadbirlarimizda buyuk bobolarimizning koʼrsatgan qahramonliklarni yoshlar ongiga singdirish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, harbiylikka qiziqtirish, yurt oldidagi farzandlik burchini anglatishni maqsad qilganmiz. — Yangilanayotgan jonajon Oʼzbekistonimiz biz uchun shunday tengsiz, yagona, eʼzozli, tanho Vatandir. Vatanga sadoqat, ona-yurtga muhabbat hissi kishi qalbidagi eng bebaho tuygʼudir deydi — Аkademiya oʼqituvchisi kapitan Farhodjon Xojayev. — Muhtaram Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda «Аrmiya va xalq — bir tanu bir jon!» iborasi bugun barchani bir maqsad sari yaʼni Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimiz ekanligini ham anglatadi.

Аkademiya Matbuot xizmati