OʼZАRO TАJRIBА АLMАSHISH – TАRАQQIYOT GАROVI

OʼZАRO TАJRIBА АLMАSHISH – TАRАQQIYOT GАROVI

  Ish samaradorligini oshirishda oʼzaro tajriba almashish, takliflarni inobatga olish muhim oʼrin tutadi. Zero, fikr-mulohazalar asosida kirishilgan har qanday yumush ancha salmoqli boʼladi. Kasb doirasida oʼrnatilgan hamkorlik esa har ikki tomon uchun ham foydadan holi emas. Bu orqali yangi gʼoyalar, ishlanmalar, innovatsiyalar vujudga keladi.
  Shundan kelib chiqib, Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasi boshligʼining birinchi oʼrinbosari polkovnik Oʼlmas Muzafarov va boshqa masʼul xodimlar alohida reja asosida respublikamizning nufuzli harbiy oliy taʼlim muassasalariga tashriflar amalga oshirilmoqda. Bundan koʼzlangan maqsad– harbiy oliy taʼlim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar, oʼquv jarayonining tashkil etilishi, kursantlarning taʼlim olishlari va ilmiy-tadqiqot ishlarining olib borilishi bilan bogʼliq chora-tadbirlarni oʼrganish va oʼzaro tajriba almashish va ijobiy tajribalarni kelgusida FVV Аkademiyasi oʼquv jarayoniga tatbiq etishdan iborat. Navbatdagi tashrif, Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga amalga oshirildi.
   Polkovnik Oʼlmas Muzafarov boshchiligidagi FVV Аkademiyasi masʼul xodimlariga Harbiy texnik instituti boshligʼining birinchi oʼrinbosari hamrohlik qilib, Harbiy-texnik instituti moddiy-texnik bazasi, u yerda kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, oʼquv jarayonining tashkil etilishi, ilmiy-tadqiqot ishlarining olib borilishi bilan yaqindan tanishtirdi. Tanishuv jarayonida Institutda bitiruvchi kurs kursantlarining joylarda amaliyot oʼtish tartibi, undan koʼzlangan maqsad va erishiladigan natijalar, ilmiy jarayonlarga kursant va tinglovchilarni jalb etish usullariga alohida eʼtibor qaratilgan boʼlsa, aynan kursantlarning ilmiy ish natijalarini chop etish uchun moʼljallangan Institutning alohida Xabarnomasining nashr etilishi va undagi materiallar tanishuvchilarda katta qiziqish uygʼotdi.
  Xuddi shunday tashrif joriy yilning 12 aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Аkademiyasiga boʼldi. Mazkur tashrif davomida polkovnik Oʼlmas Muzafarov boshchiligidagi FVV Аkademiyasi masʼul xodimlari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Аkademiyasida oʼquv jarayonining tashkil etilishi, professor-oʼqituvchilar va kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʼrganildi.
  Shuningdek, kursantlar uchun ishlab chiqarish amaliyotini yanada samarali tashkil etish hamda oʼquv rejalaridagi fanlarning oʼzaro bogʼliqligi, ularning taqsimoti va hajmini belgilash kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasi xodimlarining Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Аkademiyasiga oʼzaro tajriba almashish maqsadida qilgan tashriflari ikki tomonlama samarali va foydali oʼtganligi, har ikki tomon kelgusida hamkorlikni davom ettirish va oʼzaro tajriba almashishdan umidvor ekanligi taʼkidlandi.
  Tashrif yakunlari boʼyicha oliy taʼlim tashkilotlari oʼrtasida oʼzaro hamkorlik qilish yuzasidan kelishuv va memorandumlar rasmiylashtirilishiga kelishib olindi.


Аkademiya Matbuot xizmati