“YASHIL MAKON” DOIRASIDAGI TADBIRLAR QIZG‘IN DAVOM ETMOQDA

“YASHIL MAKON” DOIRASIDAGI TADBIRLAR QIZG‘IN DAVOM ETMOQDA

      Yurtni yashillikka burkashdan ham ortiq ulug‘ ish bormi, dunyoda. Xalqimizda ko‘chat ekkan, bog‘ yaratgan insonlarni qadrlashgani, hurmatini joyiga qo‘yishgani ham bunga aniq misol bo‘la oladi. Binobarin, ekilgan har bir ko‘chat zamirida bozorlarimiz to‘kinchiligi, qurilish materiallari sanoati, yerni erroziyadan saqlash, o‘zimiz nafas olayotgan kislorodni ishlab chiqarish va yurtga chiroy hamda fusunkorlik kasb etishi bilan muhim ahamiyatga ega.
    Joriy yilning 2 noyabr kuni Prezidentimiz raisliga o‘tkazilgan videoselektorda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi va bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish belgilandi. Videoanjumanda bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgani, shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sug‘orish tizimi bilan amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi. Albatta, mazkur dastur doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi rahbariyati ham shaxsiy namuna sifatida jonbozlik ko‘rsatib, har bir harbiy xizmatchi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga hamjihatlik bilan ko‘tarinki kayfiyatda yondashishmoqda.
     Jumladan, joriy yilning 21-22-noyabr kunlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi jamoasi tomonidan ham ekologik muhitni yanada yaxshilash, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini uyushqoqlik bilan amalga oshirish maqsadida Toshkent shahar Yangihayot tumani hududidagi mahallalar hamda ko‘chalar chetlariga 2000 dan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar Akademiya jamoasi tomonidan uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.


Akademiya Matbuot xizmati