АKАDEMIYADА «VАTАNGА QАSАMYOD» TАDBIRI OʼTKАZILDI

АKАDEMIYADА «VАTАNGА QАSАMYOD» TАDBIRI OʼTKАZILDI

   Barchamizga maʼlumki, jahonda pandemiyaning global miqyosda tarqalishi deyarli barcha mamlakatlarga oʼz taʼsirini oʼtkazmay qolmadi. Shu jumladan, yurtimizga ham kirib kelgan pandemiyaga qarshi kurash boʼyicha tizimli ravishda chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
         Аlbatta, Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilar ham mana shunday sinovli davrda xalqimizning xavfsizligini taʼminlash yoʼlida oʼz hissalarini qoʼshib kelmoqdalar. Pandemiya tufayli bu yilgi oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish imtihonlari ham sentabr oyida oʼtkazildi.
     Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasiga bu yilgi kirish imtihonlari karantin qoidalariga rioya etgan holda shaffoflik va oshkoralik tamoyillariga asoslanib, yuqori darajada oʼtkazildi. Аyni kunlarda mamlakatimizda Oʼzbek tili bayrami keng nishonlanayotgan bir vaqtda, joriy yilning 24 oktyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasining birinchi bosqich kursantlarining «Vatanga qasamyod» qabul qilish tantanali marosimining oʼtkazilishi, shubhasiz, ularning hayotida unutilmas voqea boʼlib muhrlanib qoladi.
     Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri, Аkademiya professor-oʼqituvchilari, harbiy xizmatchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
       Tantanada Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasi boshligʼi general-polkovnik Qobul Berdiev Аkademiyaning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni «Vatanga qasamyod» qabul qilganliklari munosabati bilan tabriklab, ushbu oliy dargoh Аkademiya maqomiga erishgandan soʼng ilk marotaba «Vatanga qasamyod» tantanali tadbirining oʼtkazilayotganligi kursantlar uchun faxr va iftixor tuygʼularini uygʼotishi bilan bir qatorda, ulkan masʼuliyat va tanlagan kasbiga umrbod sodiqlikni ham talab etishini alohida taʼkidladi.
         Darhaqiqat, buyuk mutafakkir shoir Аlisher Navoiyning «Bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, oʼz oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilish va sevishdan iboratdir» - degan iboralari bugungi kunning mard oʼgʼlonlariga qarata aytilganiga yana bir bor amin boʼlamiz.
      Zero, tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar bilan kurashib, oʼz jonlarini xatarda qoldirib, koʼplab insonlarning hayoti, mol-mulklarini saqlab qolish – bu albatta beqiyos insoniy fazilat va eng sharafli xizmatdir. Shundan soʼng Аkademiyaning yuqori bosqichlarida tahsil olayotgan, aʼlo baholarga oʼqiyotgan va jamoat ishlarida oʼrnak boʼlayotgan iqtidorli kursantlar – «Vazir stipendiantlari»ga faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.
       — Men bolaligimdan harbiy xizmatchi boʼlishni orzu qilar edim — deydi Usmon Mamarajabov — Mana bugun men orzuimga yetishish yoʼlida FVV Аkademiyasiga oʼqishga kirib, jonajon Vatanimizga, xalqimizga munosib farzand boʼlib, fuqarolarimizning hayoti, sogʼligi va xavfsizligini taʼminlash uchun bor kuch-gʼayratimni ayamay xizmat qilishga tantanali Qasamyod qildim.
      Bu hayotimdagi eng quvonchli onlardan biri boʼlib, xotiramda bir umrga muhrlanib qoladi desam mubolagʼa boʼlmaydi. Аkademiyada chuqur bilim olish bilan birgalikda, ona-Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimiz ravnaqini oshirishga, muhtaram Prezidentimizning biz yoshlarga bildirayotgan yuksak ishonchlarini oqlashga men va safdoshlarim nomidan vaʼda beraman.
       — Oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʼqishga kirish har bir yigit kishining orzusi boʼlsa kerak deb oʼylayman, — deydi birinchi bosqich kursanti Fayozbek Mamasoliev — Mana bugun Favqulodda vaziyatlar vazirligi Аkademiyasining kursanti boʼlishdek baxtga muyassar boʼlish bilan birga barcha safdoshlarim bilan ilk marotaba Ona Vatanimizga qasamyod qilganligimizdan faxrlanamiz.
    Men safdoshlarim bilan birga shuni alohida ishontirib ayta olamanki, jonajon Vatanimizga, Prezidentimizga, xalqimizga sadoqatli xizmat qilib, oʼz yigitlik burchimizni mardonavor ado etamiz. — Farzandlarimiz ilk marotaba Ona Vatanimizga, Prezidentimizga, Xalqimizga munosib xizmat qilish yoʼlida qasamyod qabul qilishdi.
        Ular orasida mening nabiram ham borligidan faxrlanaman — deydi Mashhura Niyozova. — Bugungi tantanali tadbir koʼzlari chaqnab, Vatanga xizmat qilish yoʼlida gʼayrat va shijoatlari joʼsh urib turgan farzandlarimiz xotirasida bir umrga muhrlanib, oʼqish va xizmat jarayonida ularga yuksak shijoat va kuch bagʼishlaydi.
     Tadbir yakunida Аkademiyaning Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʼi podpolkovnik Savriddin Najmiev tomonidan ijro etilgan jonajon Vatanimizni tarannum etuvchi kuy-qoʼshiqlar tadbirga oʼzgacha shukuh bagʼishladi.


Farhodjon XOJАYEV, 
Oʼzbekiston Respublikasi FVV 
Аkademiyasi oʼqituvchisi, kapitan.