BIRGALIKDA BIR KUCHMIZ!

BIRGALIKDA BIR KUCHMIZ!

     Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlarini tashkil etilganining o‘ttiz yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va uni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash jarayonida o‘tkazilayotgan Vatanparvarlik oyligi xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlab, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jahonda milliy armiyamiz nufuzini yanada oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
     Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4-F-son Farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Birgalikda bir kuchmiz!” shiori ostida oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi. Barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Bojxona instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining harbiy xizmatchilari va kursantlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini yanada mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish hamda jonajon Vatanimizga, xalqimizga hurmat va sadoqatli qilib tarbiyalash, ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijodiy salohiyati va ularning o‘z iqtidorlarini namoyish etish uchun imkoniyat yaratishdan iborat.
       Yuqori saviyada o‘tkazilgan, iqtidorli yoshlar ishtirokidagi quvnoqlar va zukkolar ko‘rik tanlovida “Salomlashish” va “Musiqiy chiqish” shartlari bo‘yicha IIV Akademiyasining “Yosh huquqshunoslar”, Bojxona institutining “Bo‘lajak bojxonachilar” hamda FVV Akademiyasining “Firemen” jamoalari o‘zaro bellashishdi. Do‘stona ruhda tashkil etilgan tadbirda turli sahna ko‘rinishlari orqali kursantlar, ijodkorlik qobiliyatlarini hamda san’atkorlik iste’dodlarini namoyish etdilar. Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan ko‘rik tanlov ishtirokchilariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
        Qiziqarli taassurotlarga boy bo‘lgan tadbirda FVV Akademiyasi harbiy xizmatchilari va kursantlari ijrosidagi Ona Vatanimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barcha ishtirokchilarda iliq taassurotlar qoldirdi, ularning ko‘zlarida quvonch va xursandchilik yaqqol namoyon bo‘ldi. Bugungi kunda Vatanni himoya qilish yoshi, faoliyat sohasi va kasbidan qat’iy nazar har bir fuqaroning chinakam sharafli burchidir va aynan shu sababli respublikada Vatan himoyachilari kuni bayramini nishonlashga alohida e’tibor qaratilmoqda deydi — O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining FVV Akademiyasidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, katta leytenant Firdavs Karimov — Yangi O‘zbekistonda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida o‘tkazilayotgan islohotlar mamlakatimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligini yanada ishonchli himoyasini ta’minlash imkonini bermoqda.

Mayor Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya katta o‘qituvchisi.