DАVLАT TILI: SHUKUHLI ONLАR ZАVQI

DАVLАT TILI: SHUKUHLI ONLАR ZАVQI

    Bugungi kunda oʼzbek tiliga eʼtibor, uning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish borasidagi ezgu amaliy saʼy-harakatlar jarayonini, chinakam maʼnoda, tarixiy davr deyish mumkin.
       Joriy yilning 23 sentabr sanasida Prezidentimizning BMTning yuksak minbaridaoʼzbek tilida nutq soʼzlaganliklari, bu yil ilk marotaba 21 oktabr sanasida Oʼzbek tili bayramining keng nishonlanganligi, Yurtboshimizning Oʼzbek tili bayrami munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga yoʼllagan tabrigi, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda oʼzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” 2020 yil 20 oktyabrdagi PF-6084-son Farmonining qabul qilinishi respublikamizda oʼzbek tilini rivojlantirish, uning qadr-qimmatini oshirish bilan bogʼliq tarixiy ishlar uchun shukuhli onlarni hadya etdi, desak xato qilmagan boʼlamiz.
      Bu shukuhli onlar oʼz ona tilini sevgan, u bilan faxrlangan har bir vatan farzandining qalbiga gʼurur, iftixor, oʼzgacha zavq bagʼishlaydi, albatta. Yuqoridagi Farmon bilan 2020-2030 yillarda oʼzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi1-ilovaga, 2020-2030 yillarda oʼzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi 2-ilovaga, 2020-2030 yillarda oʼzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yoʼnalishlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlangan boʼlib, ushbu hujjatlar mamlakatimizda oʼzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish bilan bogʼliq muhim chora-tadbirlarni koʼzda tutadi.
     Bu, oʼz navbatida, oʼzbek tilini rivojlantirish sohasidagi porloq istiqboldan darak beradi. Mazkur hujjatlar talablaridan kelib chiqqan holda, Favqulodda vaziyatlar vazirining “Vazirlik tizimida oʼzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish toʼgʼrisida” tegishli buyrugʼi qabul qilinib, unga koʼra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida 2020-2030 yillarda oʼzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
   Hozirda vazirlik tizimida “Qadring buyuk boʼlsin, ona tilim!”, “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” hamda “Ona tilim – faxrim, gʼururim” shiorlari ostida oʼzbek tilining buyukligi, boyligi, betakrorligini tarannum etuvchi targʼibot, tashviqot tadbirlari tizimli va doimiy ravishda oʼtkazib borilmoqda.
    Ushbu tadbirlarda vazirlik tizimi kursantlari, askar va serjantlar hamda ofitserlar faol ishtirok etib, ona tili targʼibotiga oʼzlarining samarali hissalarini qoʼshmoqdalar... Darhaqiqat, ona tilimiz – iftixorimiz, tariximiz va taqdirimizdir. Uni eʼzozlash, qadrlash va rivojlanishiga munosib hissa qoʼshish barchamizning muqaddas vazifamiz sanaladi.
     Shunday ekan, bugungi shukuhli onlar zavqini tuyib, ona tilimiz nafosati va jozibasini tarannum etishda faol boʼlaylik, aziz yurtdoshlar!


Bahodir VALIYEV, 
Favqulodda vaziyatlar vaziri 
maslahatchisi