BАYRАMINGIZ MUBORАK АZIZ USTOZLАR!

BАYRАMINGIZ MUBORАK АZIZ USTOZLАR!

    Barchamizga ayonki, inson qalbiga yoʼl avvalo taʼlim-tarbiyadan boshlanadi. Shuning uchun qachonki bu haqda gap ketsa, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni eslash bilan birga, ota-onalarimiz qatori biz uchun eng yaqin boʼlgan yana bir buyuk zot – oʼqituvchi va murabbiylarning olijanob mehnatini hurmat bilan tilga olamiz. 
   Har yili yurtimizda 1-oktabr «Oʼqituvchi va murabbiylar kuni» bayrami eng oliyjanob kasb egalari sharafiga umumxalq bayrami sifatida keng koʼlamda nishonlab kelinadi. Bu bayram avvalo, oʼzining bilim va tajribasi, isteʼdod va mahorati, insoniy fazilatlari, koʼz nuri va qalb qoʼri, butun borligʼini ayamasdan, maʼrifat yoʼlida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir. 
    Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30-sentabr kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 1-oktabr Oʼqituvchi va murabbiylar kuniga bagʼishlangan tantanali marosimda taʼkidlaganidek, «Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan boʼlsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz». 
    Taʼkidlash joizki, ushbu bayram ilk bor davlat rahbari ishtirokida oʼtgani ham taʼlim va tarbiya masalasi alohida ustuvor yoʼnalish darajasiga koʼtarilganining yaqqol dalilidir. 
   Ushbu bayram munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasi FVV Аkademiyasida ham joriy yilning 30-sentyabr kuni barcha karantin qoidalariga amal qilgan holda 1-oktyabr «Oʼqituvchi va murabbiylar kuni» bayramiga bagʼishlangan tadbir boʼlib oʼtdi. 
     Tadbirda Аkademiyaning professor-oʼqituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlari ishtirok etdi. 
   Tadbirni Аkademiya boshligʼi general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, Аkademiyaning professor-oʼqituvchilarini va barcha harbiy xizmatchilarni «Oʼqituvchi va murabbiylar kuni» bayrami munosabati bilan samimiy qutlar ekan, Аkademiyada oʼtgan davr ichida koʼplab nufuzli olim va pedagoglar faoliyat yuritganligini, bugungi kunda ana shunday ustozlarning izdoshlari Аkademiyada faoliyat koʼrsatayotgani har birimizda faxr va iftixor tuygʼularini uygʼotadi deya eʼtirof etdi. 
    Tadbir davomida soʼzga chiqqanlar, Аkademiya nufuzini yanada oshirish, birinchi navbatda professor-oʼqituvchilarga, qolaversa, Аkademiyada xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchining halol mehnatiga, oʼz kasbiga boʼlgan sadoqatiga bogʼliq ekanligi hamda ularning mana shunday mashaqqatli va masʼuliyatli kasblarida ulkan yutuqlarga erishib, yosh avlodga munosib taʼlim – tarbiya berib kelayotganliklarini alohida taʼkidladilar. 
  Shuningdek, tadbir davomida Аkademiya ilmiy salohiyatini, oʼquv-tarbiyaviy jarayon samaradorligini oshirish, oliy maʼlumotli ofitser kadrlar tayyorlashdagi namunali xizmatlari hamda 1-oktyabr «Oʼqituvchi va murabbiylar kuni» bayrami munosabati bilan Аkademiyaning «Harbiy va jismoniy tayyorgarlik» kafedrasi boshligʼi polkovnik Xasanov Odil Egamberdievich hamda «Tibbiyot xizmati» boshligʼi podpolkovnik Аliqulov Zafar Ergashevichlar Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining buyrugʼiga asosan «Mexr-saxovat» koʼkrak nishoni bilan taqdirlandilar.
  Tadbir soʼngida Аkademiyaning iqtidorli kursantlarining qiziqarli sahna koʼrinishlari hamda ijro etilgan kuy-qoʼshiqlar bayram shukuhiga zavq bagʼishladi.

Akademiya Matbuot xizmati