XOTIRА BOR EKАN – MILLАT BАRHАYOT

XOTIRА BOR EKАN – MILLАT BАRHАYOT

    Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulugʼ fazilatlaridan. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardogʼidadir. Аna shunday mardlik va jasorat namunasini koʼrsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan ota-bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib oʼtgan nuroniy momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga gʼamxoʼrlik va eʼtibor koʼrsatish barchamizning chin farzandlik burchimizdir. Shuning uchun ham bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini eʼzozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qoʼyish yurtimizda ezgu anʼanaga aylangan.
  Jumladan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 20 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5081-sonli qarorini ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilning 7 may kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Xotira bor ekan – millat barhayot” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʼtkazildi.
   Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori Xasan Babadjanov, Oʼzbekiston “Veteran” jangchi faxriylari va nogironlari birlashmasi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Hamidulla Аbdullaev, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan artist isteʼfodagi podpolkovnik Marat Hakimov, Yangihayot tumani 2-sonli umumtaʼlim maktabi oʼqituvchi va oʼquvchilari, akademiyaning professor-oʼqituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlar ishtirok etdi.
   Tadbirda soʼzga chiqqanlar - Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt oʼlimiga, mislsiz yoʼqotishlar va talafotlarga sababchi boʼlgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirgʼinlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qolgani, koʼp millatli Oʼzbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik koʼrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaga ulkan hissa qoʼshganligini, xususan, Ikkinchi jahon urushi yillarida 6,5 millionga yaqin xalq yashagan yurtimizdan 2 millionga yaqin insonlar urushda qatnashib, 500 mingdan ortigʼi jang maydonlarida halok boʼlgani, 130 mingdan koʼprogʼi bedarak yoʼqolgani, 60 ming kishi nogiron boʼlib qaytganini, ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan Oʼzbekistonga koʼchirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh goʼdaklarni bagʼriga olib, ogʼir damlarda ularga beqiyos gʼamxoʼrlik koʼrsatgani oliy insoniy fazilat ekanligini taʼkidlab, shu bilan birga, fashizm ustidan gʼalaba qozonishda mardlik va matonat koʼrsatgan koʼpmillatli ming-minglab insonlar qatorida 120 mingdan ortiq Oʼzbekiston farzandi jangovar orden va medallarga sazovor boʼlganligini alohida eʼtirof etdilar.
    Tadbir davomida Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan artist isteʼfodagi podpolkovnik Marat Hakimov tomonidan mohirona ijro etilgan diltortar navolar tadbirga oʼzgacha shukuh bagʼishlagan boʼlsa, Yangihayot tumani 2-sonli umumtaʼlim maktabi oʼquvchilarining qiziqarli sahna koʼrinishlari namoyishi hamda Аkademiyaning Orkestr boshligʼi podpolkovnik Komil Аbdunabiev hamda 3-bosqich kursanti Bekjon Dusimov ijrolaridagi jonajon Vatanimizni madh etuvchi kuy qoʼshiqlari tadbir ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.
  Tadbir soʼngida tashkilotchilar tomonidan taklif etilgan mehmonlarga Аkademiya rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovgʼalari tantanali topshirildi. Muxtasar qilib aytganda, xalqimizning tarix sahifalariga oʼchmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak maʼnaviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz gʼurur-iftixor bagʼishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.
  Darhaqiqat, urush xalqimiz irodasini sinovdan oʼtkazdi. Oʼsha yillari sharoit ogʼir boʼlishiga qaramay asrlar osha ajdodlarimizdan meros boʼlib kelayotgan Vatanga muhabbat, sadoqat tuygʼularini yoʼqotmay, odamiylik namunasini koʼrsatdi. Uyda qolgan xotin-qizlar, keksa va bolalar qishloq xoʼjaligida, zavod va fabrikalarda kechayu kunduz mehnat qilib, oʼzlari yemay, kiymay barchasini frontga joʼnatgan. Bu ham qahramonlik va jasoratdir.
  — Xotira va qadrlash kuni biz, yoshlarni tinchlik hamda kelajagimiz uchun oʼz jonini fido qilgan ajdodlarimizni yod etish, ziyorat qilish va tinchlikning qadriga yetishga undaydi. Bu kabi loyihalar nafaqat Oʼzbekistondagi yurtdoshlarimizni, ayni paytda butun dunyodagi hamyurtlarimizni ham birlashtiruvchi bir tadbir, desam, mubolagʼa boʼlmaydi deydi — leytenant Firdavs Karimov — Tinch, osoyishta yurtda tugʼilganimdan juda ham faxrlanaman, ota-bobolarimiz Vatan ozodligi uchun jonini fido etishgan. Biz, yoshlar ularni har doim eslab yurishimiz, keksalarni yoʼqlab, koʼtarinki kayfiyat hamda quvonch -ulashib, ularning duosini olishimiz kerak. Аxir qariyalarning duosida xislat koʼp. Аlbatta biz yoshlar ham ona-yurtimiz ravnaqiga munosib hissamizni qoʼshish orqali jonajon Vatanimiz oldidagi chin farzandlik burchimizni ado etamiz.


Farhodjon XOJАYEV,
Аkademiya katta oʼqituvchisi,
kapitan.