AKADEMIYADA “ONA TILIM – JONU DILIM” MAVZUSIDA MA'NAVIY-MA'RIFIY TADBIR BO‘LIB O‘TDI


AKADEMIYADA “ONA TILIM – JONU DILIM” MAVZUSIDA MA'NAVIY-MA'RIFIY TADBIR BO‘LIB O‘TDI

       Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarliklari ostida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish, ona tilimizning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda.
  Ayniqsa, Yurtboshimizning joriy yil 23-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqi bu boradagi sa'y-harakatlarga keng yo‘l ochib, o‘zbek tilining nafaqat respublikamizdagi, balki jahondagi nufuzini yanada mustahkamladi.
   Bu yil ilk marotaba respublikamizda 21 oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan joriy yilning 13 oktyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
    Unda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Sharq yulduzi” va “Звезда Востока” jurnallari bosh muharriri, taniqli shoir Sirojiddin Rauf, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Bobur Bobomurod, FVV Birlashgan tahririyati bosh muharriri Azamat Suyunov hamda Favqulodda vaziyatlar vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bahodir Valiyev hamda Akademiya professor-o'qituvchilari va kursantlari ishtirok etdilar.
     Tadbirda taniqli shoirlar ona tilimizning o‘ziga xosligi, bugungi kunda davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish borasidagi islohotlarga to‘xtalib, har bir vatan farzandi o‘z ona tilini sevishi, uning qadr-qimmatini joyiga qo‘yishda faol ishtirok etishi zarurligini ta'kidladilar.
   Ona tilini ulug‘lovchi she'rlaridan o‘qib berdilar. Vazir maslahatchisi B.Valiyev o‘z so‘zida hozirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning joylardagi vakillari, ya'ni vazirlik, idoralarda faoliyat yuritayotgan davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar tomonidan idoralarda davlat tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritishni tashkil qilish ishlarining izchil davom ettirilayotganligini aytib o‘tdi.
     O‘z o‘rnida, Departament va hamkor muassasa, tashkilotlar tomonidan nashrdan chiqarilgan “Davlat tilida ish yuritish” kitobini barchaga tavsiya qildi.
    Uchrashuvda kursantlar ham so‘z olib, el ardog‘idagi shoirlarning ijod namunalaridan yod aytdilar, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar. Tadbir barchada katta taassurot qoldirdi.

Farhodjon XOJАYEV, 
Аkademiya oʼqituvchisi, kapitan