MOZIYGA QARAB ISH TUTMOQ XAYRLIDIR!

MOZIYGA QARAB ISH TUTMOQ XAYRLIDIR!

         O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida 2022-yilning 16-sentabr kuni atoqli o‘zbek adibi, o‘zbek romanistika maktabinining asoschisi Abdulla Qodiriy yorqin xotirasiga bag‘ishlangan “Abdulla Qodiriyning so‘nggi kunlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyining direktori tarix fanlari doktori, professor, “Mehnat Shuhrati” ordenining sohibi, iste’fodagi polkovnik Baxtiyor Xasanov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adibning nabirasi, tanqidchi olim Sherkon Qodiriy, qodiriyshunos olim iste’fodagi podpolkovnik To‘lqin Saydaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
       Tadbirda so‘zga chiqqanlar, mamlakatimizda bugun aholi va ayniqsa yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda jonajon Vatanimizning istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimizni xotirlab, ularning hayot maktablarini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish joizligini, shu bilan birga mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish bilan bir qatorda, ularning faoliyati va boy ma’naviy me’rosini o‘rganish lozimligini hamda targ‘ib etish muhim ekanligini alohida ta’kidladilar.
       Shuningdek, tadbirda atoqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi, yoshlarga ibrat bo‘ladigan eng sara asarlari haqida ham keng fikr-mulohazalar bildirildi.
       Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga Abdulla Qodiriy hamda jadidchilik maktabi adiblari qalamiga mansub kitoblar yarmarkasi tashkil qilingani ishtirokchilarda iliq taassurotlar qoldirdi.

Akademiya Matbuot xizmati