Umumiy ma'lumotlar

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti Respublikamiz Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yetuk kadrlar tayyorlash bo‘yicha alohida o‘ringa ega oliy ta’lim muassasalardan biri hisoblanadi.

Yong‘in xavfsizligi institutining faoliyati Nizom asosida amalga oshiriladi hamda Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiradi.

Institut oliy ta’limning mutaxassislikka oid o‘quv dasturlari asosida ta’lim faoliyatini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, o‘quv-metodik, ilmiy va boshqa faoliyatlarni amalga oshiruvchi ixtisoslashgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 maydagi «Yong‘in xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2991-son Qaroriga muvofiq Institut qo‘yidagi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlashni amalga oshiradi:

  • «Yong‘in xavfsizligi» mutaxassisligi – «Yong‘in nazorati va profilaktika ishlarini tashkil qilish» ixtisosligi;
  • «Yong‘in xavfsizligi» mutaxassisligi – «Professional tayyorgarlik, xizmat va o‘t o‘chirishni tashkil qilish» ixtisosligi;
  • «Texnosfera xavfsizligi» mutaxassisligi – «Sanoat va yong‘in xavfsizligi faoliyatini tashkil qilish» ixtisosligi bo‘yicha oliy ma’lumotli, «mutaxassis» malakasiga ega ofitser kadrlarni tayyorlash (o‘qish muddati besh yil).
  • «Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatida boshqaruvni tashkillashtirish» yo‘nalishida «Yong‘in va texnosfer xavfsizlik sohasida boshqaruv tashkilotchisi» ixtisosligi bo‘yicha Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati uchun Rahbar kadrlarni tayyorlash (o‘qish muddati bir yil).

Mazkur Qarorga muvofiq Institutda kadrlar tayyorlashning bir bosqichli tizimi dasturi asosida olinadigan oliy ma’lumot magistr darajasiga tenglashtirilgan.

Institutda ta’lim–tarbiya jarayoni va xizmat olib borishni O‘quv jarayonini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish bo‘limi, O‘quv kurslari saf qismi, Tarbiyaviy ishlar va Tashkiliy inspektorlik bo‘limlari tashkil etadi. Ilmiy tadqiqot ishlari Ilmiy tadqiqot va tahririy nashriyot faoliyatini tashkillashtirish bo‘limi, Yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar markazi va kafedralar tomonidan tashkillashtiriladi va muvofiqlashtiriladi.

Moliyaviy-iqtisodiy va moddiy-texnika ta’minot tegishli bo‘lim va xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.

 O‘quv — tarbiya ishlari

Institutning tarixiy shakllanish jarayonida professor-o‘qituvchilar va boshliqlar tarkibi har doim Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati uchun zamon talablariga javob bera oladigan, kasbiga sadoqatli, Vatan oldidagi burchini sharaf bilan bajarishga qodir kadrlarni tayyorlashga intilib kelishgan.

Kursantlar nafaqat o‘quv jarayonining asosiy ob’ekti, balki butun o‘quv muassasasi hayotiy faoliyatining murakkab mexanizmi ishlashi uchun maqsad va vazifalari belgilab berilgan haqiqiy asosi hisoblanadi. Institut kafedralari va tarkibiy bo‘linmalarining xodimlari va professor-o‘qituvchilarining kuch-g‘ayrati o‘quv-tarbiya jarayonining Davlat ta’lim standartlari talablariga mos keluvchi yuqori darajadagi samaradorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

O‘quv-tarbiya jarayonini metodik ta’minlash samaradorligini oshirish va rivojlantirishda muhim e’tibor kursantlarning ta’lim olish samaradorlinini oshirish, ta’limda ilg‘or pedagogik tajriba, o‘qitishning zamonaviy didaktik vositalari, axborot va telekommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan usullarni joriy etish hamda nazariya va amaliyotni birgalikda o‘rgatishga qaratilgan.

Bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 23 maydagi “Yong‘in xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2991-sonli Qaroriga muvofiq Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatiga oliy ma’lumotli mutaxassis xodimlar va rahbar kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, yong‘in va texnosfer xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar yuzasidan fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish, o‘quv jarayoniga ta’lim berishning zamonaviy usul va uslublari, pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda masofaviy o‘qitishni joriy qilish hamda Institutning moddiy-texnik bazasini mustaxkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar amalga oshirilmoqda.