Texnologik jarayonlar yong‘in xavfsizligi kafedrasi

TEXNOLOGIK JARAYONLAR YONG‘IN XAVFSIZLIGI KAFEDRASI

Mansurxodjaev Nig‘matilla Axmadjonovich – kafedra boshlig‘i, polkovnik

KAFEDRA YO‘NALISHI

Kafedraning maqsadi davlat ahamiyatiga molik o‘ta muhim va/yoki yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarning yong‘in profilaktikasi yo‘nalishiga doir ixtisoslik fanlari bo‘yicha o‘quv, ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashdan iborat.

KAFEDRANING VAZIFASI:

OLIY TA’LIM DOIRASIDA

«Yong‘in xavfsizligi» mutaxassisligi bo‘yicha kursantlarda kasb faoliyatiga oid bilimlar, ko‘nikmalar va uquvlarni shakllantirishga zamin yaratish, jumladan:

·         Yong‘in xavfsizligini ta’minlash va yong‘inlarning oldini olish sohasida erishilgan yutuqlar va ularning rivojlanish istiqbollari haqida tasavvur hosil qilish;

·         Yong‘inlar profilaktikasi tizimining shakllanishi, bu sohadagi islohotlar natijalari va istiqbollari, yong‘inlar profilaktikasi haqidagi ta’limotlar berish;

·         Yong‘inlarning oldini olish xizmati hamda unda faoliyat olib borayotgan sohaviy xizmatlar, jamoat tuzulmalari bilan hamkorlikni tashkil etish;

·         O‘ta muhim toifalangan ob’ektlarning yong‘in xavfsizligi holatini kompleks tekshirish asoslarini bilish va unda ishtirok eta olish;

·         Texnologik jarayonlarda qo‘llanilayotgan asosiy apparat va uskunalarni yong‘in xavfini tahlilini o‘tkazish;

·         Texnologik jihozlarning ichidagi yonuvchi muhitni aniqlash hisobini o‘tkazish va xona hajmidagi yonuvchi muhitni baholash;

·         Ishlab chiqarish jarayonida qo‘llanilayotgan modda va materiallarning yong‘in xavfi ko‘rsatkichlarini aniqlay olish bo‘yicha chuqur bilimlarni, kasb faoliyati ko‘nikmalari va uquvlarini shakllantirishga zamin yaratish.

«Texnosfera xavfsizligi» mutaxassisligi bo‘yicha kursantlarda kasb faoliyatiga oid bilimlar, ko‘nikmalar va o‘quvlarni shakllantirishga zamin yaratish, jumladan:

·         Texnosfer xavfsizligini ta’minlash sohalarida erishilgan asosiy yutuqlar, muammolar va ularning rivojlanish istiqbollari haqidagi tasavvurlarni shakllantirish;

·         Yangi qurilayotgan (rekonstruksiya qilinayotgan) sanoat korxonalarining bino va inshootlari respublikada amalda bo‘lgan shaharsozlik norma va qoidalari hamda boshqa qurilish me’yorlarining yong‘inga qarshi talablariga muvofiqligini tekshirish tartiblarini o‘zlashtirishini ta’minlash;

·         Yong‘inlar bilan bog‘liq va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish ishlarini tashkil etish ko‘nikmalarini hosil qilish;

·         Yong‘in bilan bog‘liq va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlarda sanoat korxonalaridagi ishchi-xizmatchilarni va moddiy boyliklarni evakuatsiya qilish jarayonini, evakuatsiya yo‘llari va chiqish joylariga qo‘yiladigan talablar haqidagi bilimlarni shakllantirish;

·         O‘ta muhim toifalangan ob’ektlarning yong‘in xavfsizligi holatini kompleks tekshirish asoslarini bilish va unda ishtirok eta olish;

·         Texnologik jarayonlarda qo‘llanilayotgan asosiy apparat va uskunalarni yong‘in xavfini tahlilini o‘tkazish;

·         Texnologik jihozlarning ichidagi yonuvchi muhitni aniqlash hisobini o‘tkazish va xona hajmidagi yonuvchi muhitni baholash;

·         Ishlab chiqarish jarayonida qo‘llanilayotgan modda va materiallarning yong‘in xavfi ko‘rsatkichlarini aniqlay olish bo‘yicha chuqur bilimlarni, kasb faoliyati ko‘nikmalari va uquvlarini shakllantirishga zamin yaratish.

Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati rahbar kadrlarni tayyorlash oliy kurslari bo‘yicha tinglovchilarda kasb faoliyatiga oid bilimlar, ko‘nikmalar va uquvlarni shakllantirishga zamin yaratish, jumladan:

·         Sanoat binolarini loyihalashda va ularni qurishda respublikada amalda bo‘lgan me’yoriy hujjatlarning mehnat muhofazasiga taalluqli talablarini bajarilganligini nazorat qilishni bilishiga;

·         Sanoat korxonalarida sodir bo‘lgan yong‘inlar yuzasidan yong‘in-texnik ekspertizasini tayinlash va o‘tkazishning asosiy prinsiplarini bilishi va bajara olishini;

·         Sanoat korxonalarida yong‘inlar bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni tasniflay olishni;

·         Yong‘inlar bilan bog‘liq va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish ishlarini tashkil etish Ko‘nikmalarini hosil qilish;

·         Yong‘in bilan bog‘liq va texnogen xarakterdagi favqulodda vaziyatlarda sanoat korxonalaridagi ishchi-xizmatchilarni va moddiy boyliklarni evakuatsiya qilish jarayonini, evakuatsiya yo‘llari va chiqish joylariga qo‘yiladigan talablar haqidagi bilimlarni shakllantirish;

·         O‘ta muhim toifalangan ob’ektlarning yong‘in xavfsizligi holatini kompleks tekshirish asoslarini bilish va unda ishtirok eta olish;

·         Texnologik jarayonlarda qo‘llanilayotgan asosiy apparat va uskunalarning yong‘in xavfi tahlilini o‘tkazish;

·         Texnologik jihozlarning ichidagi yonuvchi muhitni aniqlash hisobini o‘tkazish va xona hajmidagi yonuvchi muhitni baholash;

·         Ishlab chiqarish jarayonida qo‘llanilayotgan modda va materiallarning yong‘in xavfi ko‘rsatkichlarini aniqlay olish bo‘yicha chuqur bilimlarni, kasb faoliyati ko‘nikmalari va uquvlarini shakllantirishga zamin yaratish.

OLIY O‘QUV YURTIDAN KEYINGI TA’LIM DOIRASIDA:

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni sifatli tayyorlashni ta’minlash, shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda doktorant, mustaqil izlanuvchi va izlanuvchilarga ilmiy va o‘quv-metodik yordam ko‘rsatish.

KADRLAR MALAKASINI OSHIRISH VA ULARNI QAYTA TAYYORLASH DOIRASIDA:

Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining kasbiy darajasini muntazam oshirish asosida ularning qonunchilik normalari, sohaga oid nazariy bilimlar hamda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar natijalari, texnologik taraqqiyot va yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha innovatsiyalar, shuningdek, yong‘inlarning oldini olishni tashkil etishning zamonaviy uslublari sohasidagi so‘nggi yutuqlarni tinlovchilarga chuqur o‘rgatish;

Davlat ahamiyatiga molik o‘ta muhim yoki yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlar, maxsus tarmoqlar, tadbirkorlik sub’ektlari hamda vazirlik va tashkilotlarning muhandis-texnik xodimlarini o‘rnatilgan tartibda yong‘in xavfsizligi asoslariga o‘qitish.

ILMIY-TADQIQOT FAOLIYATI DOIRASIDA:

Ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, yong‘in va texnosfer xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar yuzasidan fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish, ularning natijalarini ta’limni fan va ishlab chiqarish bilan integratsiya qilgan holda amaliyotga tadbiq etish, jumladan:

·         Mutaxassislik bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, kasb faoliyatining ko‘zlangan natijalariga erishishda jarayonlarni modellashtirish va tizimli yondashish borasidagi ilmiy bilim, amaliy o‘quv va ko‘nikmalarini shakllantirish;

·         Tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy markazlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashga oid dolzarb mavzular bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda fanlarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha izlanishlar olib borish;

·         Ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda yangi ilmiy va amaliy natijalar olish, ularni ishlash va baholash;

·         Internet tarmog‘ida yong‘in xavfsizligiga oid eng yangi ilmiy yutuqlar haqidagi ma’lumotlarni maqsadga yo‘nalgan holda izlash, topish va ulardan samarali foydalanish;

·         Yong‘inlarning oldini olish va ularni o‘chirishga oid ilmiy to‘plamlar, mahalliy va horijiy ilmiy-tadqiqot yutuqlarini o‘rganish;

·         Yong‘in xavfsizligini ta’minlashdagi muammolar va dolzarb masalalar echimiga qaratilgan ilmiy izlanishlarni bajarishda bevosita ishtirok etish;

·         Respublikamizda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ilmiy yondashuv orqali yong‘inlarning oldini olishning yangicha metodlari va vositalarini yaratish bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;

·         Vazirliklar, Davlat idoralari, korxona va tashkilotlarga tegishli ob’ektlarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqishga, shuningdek, yangi turdagi texnik ishlanmalar, buyumlar, materiallar va yangi konstruktorlik ishlanmalarning namunalarini sinash va keyinchalik ularni ishlab chiqarishga tatbiq qilish ishlari bo‘yicha amaliy yordam berish;

·         Sohada import ulushini kamaytirish va mahalliylashtirish dasturini bajarilishini ta’minlash maqsadida mahalliy xom ashyolar asosida zamonaviy yong‘in-texnik ishlanma, vositalar va materiallarni yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish;

·         Yong‘in xavfsizligi sohasidagi texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlar ishlab chiqilishida ishtirok etish;

·         Kafedra qoshida iqtidorli kursantlar ilmiy to‘garagi ishini tashkil etish, kursant/tinglovchilarni fan yutuqlari, ilmiy ishlanmalar, maxsus va boshqa adabiyotlar bilan ishlashini, muammo va kamchiliklar ustida muntazam shug‘ullanishlarini ta’minlash;

·         Ilmiy-tadqiqot natijalarini va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish.

KAFEDRADA O‘QITILADIGAN FANLAR:

·         Texnologik jarayonlar yong‘in xavfsizligi (TJYOX);

·         Elektr qurilmalari yong‘in xavfsizligi (EQYOX);

·         Elektrotexnika va elektronika (ETvaE);

·         Ishlab chiqarish va yong‘in o‘chirish avtomatikasi (ICHvaYOO‘A);

·         Majmuaviy xavfsizlik tizimlari (MXT);

·         Yonish va portlash nazariyasi (YOvaPN);

·         Yong‘inlar rivojlanishi va o‘chirishning fizik-kimyoviy asoslari (YORvaO‘FKA);

·         Texnosferada yong‘inlar rivojlanishi va o‘chirishning fizik-kimyoviy asoslari (TYORvaO‘FKA);

·         Sanoat korxonalarida texnosfer xavfsizlik (SKTX);

·         Neftgaz va kimyo ishlab chiqarish korxonalarida texnosfer xavfsizlik (NvaKICHKTX);

·         Elektr qurilmalarining yong‘in va portlash xavfsizligi (EQYOvaPX);

·         Ishlab chiqarish texnologik jarayonlarida yong‘inlarning oldini olish (ICHTJYOOO);

·         Texnik tizimlarning ishonchliligi va texnogen tavakkalchilik (TTIvaTT).

KAFEDRA FAOLIYATI:

TA’LIM

Texnologik jarayonlar yong‘in xavfsizligi kafedrasi Institutning ixtisoslik fanlarini o‘z ichiga olgan kafedra hisoblanib, kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan biriktirilgan ixtisoslik fanlaridan oliy ta’lim doirasida «Yong‘in xavfsizligi» va «Texnosfera xavfsizligi» mutaxassisliklari bo‘yicha kursantlar, Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati rahbar kadrlarni tayyorlash oliy kurslarida tinglovchilar, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash doirasida Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining xodimlari va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik va yong‘in-portlash xavfi yuqori ob’ektlarning rahbar va injener-texnik xodimlari bilan ma’ruza, amaliy (maskan) va laboratoriya mashg‘ulotlari olib boriladi. Kafedraga biriktirilgan fanlar bo‘lajak yong‘in xavsizligi xizmati xodimlarini mutaxassis sifatida shaklantirishda muxim axamiyat kasb etishini inobatga olgan holda, fanlarni o‘qitishda aloxida e’tibor nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlikda olib borilishiga  qaratilgan.

Mashg‘ulotlarni olib borishda zamonaviy o‘qitishning texnik vositalari va pedagogik texnologiyalardan samarali foydalaniladi. Ishchi dasturlarga muvofiq bevosita sanoat korxonalarida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan maskan mashg‘ulotlari uchun alohida dars soatlari ajratilgan.

ILM-FAN

Hozirgi kunda kafedrada 1 nafar texnika fanlari doktori va 1 nafar kimyo fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan mutaxassis hodimlar faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning 1 nafari O‘zR FA akademigi, texnika fanlari doktori va 1 nafari «Dotsent» ilmiy unvoniga egalar. Shuningdek, kafedraning barcha professor-o‘qituvchilar tarkibi tomonidan doimiy ravishda ilmiy izlanishlar olib borilishi va ilmiy ishlar natijalarining o‘quv jarayoniga keng joriy etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Kafedraning «Ishlab chiqarish korxonalari texnologik jarayonlari va elektr qurilmalarining yong‘in xavfsizligini ta’minlashning dolzarb masalalari» nomli Bosh ilmiy mavzusi yuzasidan professor-o‘qituvchilar tarkibi tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida 6 ta ixtirolar uchun patentlar olingan. Har yili ilmiy maqolalar va ma’ruza tezislari chet el va respublika ilmiy jurnallarida hamda konferensiya materiallari to‘plamlarida chop etib borilmoqda.

Hozirgi kunda kafedraning 5 nafar xodimi tomonidan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy tadqiqot ishlari bilan faol shug‘ullanmoqdalar.

Shu qatorda, bosh ilmiy mavzu yuzasidan Rahbar kadrlarni tayyorlash oliy kurslari tinglovchilari va kunduzgi ta’lim kursantlari tomonidan ham bitiruv malakaviy ishlari bajarilmoqda. Unda asosiy e’tibor iqtisodiyot tarmoqlaridagi ishlab chiqarish korxonalarining yong‘in xavfsizligini zamonaviy va innovatsion uslublar bilan ta’minlashga qaratilmoqda. Bajarilayotgan diplom ishlari amaliyot mutaxassislari tomonidan ham yuqori bahoga baholanmoqda.

MALAKAVIY AMALIYOT

Kafedra zimmasiga O‘quv kurslari saf qismi 5-kurs kursantlarining “Xizmat va kasbiy tayyorgarlikni tashkil etish bo‘limi (bo‘linmasi) katta muhandisi” va “Yong‘in nazorati va profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) katta muhandisi”  lavozimlaridagi Bitiruv oldi malakaviy amaliyotini o‘tashlarini tashkillashtirish vazifasi yuklatilgan. Malakaviy amaliyot dasturiga asosan har yili amaliyot ikki bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqich Institut O‘quv yong‘in o‘chirish qismida «Harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi boshlig‘i» lavozimida hamda 2-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV YOXB, Toshkent shahar IIBB YOXB hamda viloyatlar IIB YOXBlarida “Xizmat va kasbiy tayyorgarlikni tashkil etish bo‘limi (bo‘linmasi) katta muhandisi” va “YOng‘in nazorati va profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) katta muhandisi” lavozimlarida tashkil etiladi.

Malakaviy amaliyotning asosiy maqsadi kursantlar tomonidan nazariy bilimlarni o‘zlashtirishni amaliyot bilan bog‘liq holda olib borishni ta’minlash, chuqurlashtirish va mustahkamlash, ularning yong‘in bilan bog‘liq real va keskin vaziyatlar uchun ruhiy va jismoniy tayyorgarligini ta’minlash, qat’iy qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini, kelgusida tayinlanadigan lavozimlar bo‘yicha kasbiy mahorat hamda amaliy ish ko‘nikmalarini hosil qilish, yuksak kasbiy tayyorgarligini, mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy va jismoniy mehnatga bo‘lgan qobiliyatini shakllantirishdan iborat.

TURDOSH OLIY TA’LIM MUASSASALARI, TASHKILOT VA MUASSASALAR BILAN HAMKORLIK

Kafedra tomonidan boshqa manfaatdor tashkilotlardan kelib tushayotgan xatlarga asosan yong‘in xavfsizligiga oid me’yoriy hujjatlarni ko‘rib chiqish va yangidan ishlab chiqishda hamda tegishli hisob-kitoblarni amalga oshirish ishlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, NKMK DK, «O‘zbekneftgaz», «O‘ztransgaz», «O‘zbekiston temir yo‘llari» DATK va boshqalar bilan yaqindan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Kafedrada amaliy idoralar va boshqa OTMlari bilan aloqalarga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunga kelib kafedra tomonidan Amaliy idoralar va boshqa OTMlar bilan jami 9 ta hamkorlik memorandumlari tuzilgan, jumladan: Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti; FVV Fuqaro muhofazasi instituti; O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti; I.M.Gubkin nomidagi neft va gaz Rossiya davlat universiteti filiali; O‘zbekiston Respublikasi IIV YOXBB; Toshkent kimyo-texnologiya instituti; O‘zR Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.

Respublikamizda mavjud bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari bilan ham aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kafedra fanlaridan mashg‘ulotlarni maskanlarda o‘tkazish maqsadida «YAngiyo‘l paxta tozalash zavodi» AJ, «GM-Uzbekistan», «ALFA GROUP» tekstil korxonasi, «BIOKIMYO» OAJ zavodi, «Uzkabel» zavodi, «Toshkentdonmahsulot» korxonasi, «EAST-COLOR» OAJ korxonasi va «Kuchlik neft bazasi» UK kabi bir qator yirik korxonalar, shuningdek odamlar ommaviy yig‘iladigan maskanlar qatoriga kiruvchi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, Bunyodkor stadioni majmualari bilan ham hamkorlik ishlari olib borilmoqda.

MALAKA OSHIRISH

Kafedrada Institutning malaka oshirish va stajirovka o‘tash rejalari asosida yosh o‘qituvchilarning amaliy idoralarda stajirovka o‘tashlari hamda tajribali pedagog hodimlarning tegishli Oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishlari yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi yillar davomida kafedraning xodimlari stajirovka o‘tagan hamda O‘zbekiston Respublikasi OvaO‘MTVning Bosh ilmiy metodik markazi hamda Tayanch oliy o‘quv yurtlarining mintaqaviy va tarmoq markazlarida malaka oshirmoqdalar.

KAFEDRA FAOLIYATI NATIJALARI:

NASHRLAR

Kafedrada olib borilayotgan uslubiy va ilmiy ishlarning natijalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish, fanlarni yangi avlod darsliklari bilan ta’minlash hamda o‘quv-uslubiy materiallarni muntazam ravishda takomillashtirib borish maqsadida so‘nggi yillar davomida bir qator yangi darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanib nashr etilgan, jumladan:

·         2013 yilda «Ishlab chiqarish texnologik jarayonlarining yong‘in xavfsizligi» darsligi;

·         2016 yilda «Elektr qurilmalari yon‘in xavfsizligi» darsligi nashr etilgan;

·         2018 yilda «Ishlab chiqarish va yong‘in o‘chirish avtomatikasi» fanidan ma’ruza matnlari to‘plamining 2-qismi nashr etilgan;

·         2019 yilda «Yon‘inlar rivojlanishi va o‘chirishning fizik-kimyoviy asoslari» fanidan masalalar echish uchun uslubiy qo‘llanma nashr etildi;

Kafedra professor-o‘qituvchilar takibi tomonidan me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda mavjudlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda, jumladan:

·         ШНҚ 2.01.02-04 Пожарная безопасность зданий и сооружений;

·         ШНҚ 2.04.09-07 Пожарная автоматика зданий и сооружений;

·         ШНҚ 2.09.20-08 Автозаправочные станции;

·         ШНҚ 2.01.19-09 Определение категорий помещений, зданий и наружных установок по взрывопожарной и пожарной опасности;

·         Методические рекомендации по предотвращению распространения пожара к ШНҚ 2.01.02-04;

·         NTKMK ob’ektlari uchun yong‘in xavfsizligi qoidalari;

·         Uzdonmahsulot ob’ektlari uchun yong‘in xavfsizligi qoidalari;

·         O‘zbekiston havo yo‘llari Milliy aviakompaniyasining yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qoidalari YOXTBQ NAK-2007.

TANLOVLAR

2018-2019 o‘quv yili mobaynida kafedra professor-o‘qituvchilar tarkibi bir qancha yutuqlarga erishdi. Jumladan, Talaba va yosh pedagoglar hamda korxonalarning yosh mutaxassislari respublika «ROBOT-UZ 2019» robototexnika tanlovida institut nomidan qatnashib fahrli 2-o‘rinni egallaganligi uchun kafedra katta o‘qituvchisi mayor S.Q.Jumaev, o‘qituvchilar katta leytenant J.S.Boliqulov va leytenant A.D.Pardaboevlar sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Institutda o‘tkazilgan «Hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlashda innovatsion yondashuv, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar» ko‘rik tanlovida kafedra xodimlari faol ishtirok etib, «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasi bo‘yicha kafedra o‘qituvchisi leytenant O.A.Mutalov fahrli 1-o‘rinni, «Eng yaxshi ilmiy ishlanma» nominatsiyasi bo‘yicha kafedra o‘qituvchisi leytenant A.D.Pardaboyev fahrli 1-o‘rinni egallab qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

BUYURTMALAR ASOSIDA OLIB BORILGAN ILMIY TADQIQOT ISHLARI

Yong‘in xavfsizligi instituti yong‘in xavfsizligi yo‘nalishidagi respublikada yagona OTM bo‘lganligi sababli amaliyotda yuzaga kelayotgan turli muammoli masalalarning echimlarini topish yuzasidan ham tegishli yo‘nalishlarda kafedra professor o‘qituvchilari tomonidan ilmiy-uslubiy izlanishlar olib boriladi. Jumladan, Toshkent shahridagi «Navro‘z» majmuasining xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston temir yo‘llari DATKga tegishli «Qamchiq» elektrlashtirilgan temir yo‘l tonnelining yong‘in xavfsizligini ta’minlash, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK ob’ektlarining yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borilgan va natijalari amaliyotga tatbiq etilgan.